Jamoatchilik monitoringi: Surxondaryo viloyatining 4 tumanida foydalanishga topshirilgan koʻp qavatli uylar va ijtimoiy muassasalar holati oʻrganildi
Joriy yilning 1-2-mart kunlari “Yuksalish” umummilliy harakati K.Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyatining 4 ta hududida jamoatchilik monitoringini oʻtkazdi.
Maʼlumot uchun: Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 150-bandiga muvofiq tasdiqlangan Surxondaryo viloyati hududlarini 2022-2026-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan, viloyat hududida 92 ta koʻp qavatli uylar va 7 ta yangi maktablar qurilishi koʻzda tutilgan.
Jamoatchilik monitoringi davomida Termiz shahri, Jarqoʻrgʻon, Termiz va Angor tumanlarida foydalanishga topshirilgan koʻp qavatli uylar va ijtimoiy muassasalar holati oʻganildi. Hududda barcha qurilish ishlari “Shaffof qurilish” elektron tizimi orqali nazorat qilib borilayotgani va bu orqali qurilishi sifatini nazorat qilishda korrupsion holatlar oldi olinayotgani maʼlum boʻldi.
Monitoring davomida koʻp qavatli uylarni qurish va foydalanishga topshirishda bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Asosiy muammolar qatoriga 2022-yil uchun rejada koʻrsatilgan miqdordagi koʻp qavatli uylar qurib bitkazilmagani, foydalanishga topshirilgan uylarda kadastr hujjatlari yakuniga yetkazilmaganligi, koʻp qavatli uy-joylarning seysmik mustahkamligini baholash boʻyicha elektron texnik pasportlari mavjud emasligi bilan bogʻliq muammolarni kiritish mumkin. Mazkur muammolarga asosan uy egalarining kadastr hujjatlarini oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtkazmagani, moliyalashtirish bilan bogʻliq va seysmik faol hududlarida joylashgan bino va inshootlar elektron texnik pasportlarining yagona integratsiyalashgan platformasining boshqa elektron tizimlar bilan integratsiyalashuvidagi kamchiliklar sabab boʻlmoqda.
- Termiz tumani “Uch qizil” mahallasida 2022-yilda 5 qavatli 30 ta xonadonlik koʻp qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Mazkur uy tumanda kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga uzoq yillik ipoteka krediti asosida berilgan.
- Jarqoʻrgʻon tumanida "Qorayantogʻ" mahallasi “Yangi Oʻzbekiston” massivida 2022-yilda 20 ta koʻp qavatli uylar qurilib foydalanishga topshirilishi belgilangan.
- Termiz tumani "Mustaqillik" mahallasida joylashgan 10-sonli maktabda 264 oʻringa moʻljallangan yangi maktab qurilib, foydalanishga topshirilgan. Maktabda hozirgi kunda 588 oʻquvchi taʼlim olmoqda. Maktabni qoʻshimcha muqobil energiya bilan taʼminlash maqsadida quyosh panellari oʻrnatilgan. Maktabda barcha qurilish ishlari yakuniga yetkazilgan.
- Termiz shahrining “Farovon” mahallasida 2022-yilda foydalanishga topshirilgan koʻp qavatli uylar holati oʻrganildi. Monitoring davomida barcha uylar aholiga foydalanishga topshirilgani va barcha infratuzilma bilan taʼminlangani maʼlum boʻldi. Shuningdek, mazkur uylarning elektron pasportlari platformaga kiritilmagan. Buning sababi — mazkur koʻp qavatli uylarning kadastr raqamlarini platforma qabul qilmayotgani va kadastr elektron tizimi bilan integratsiyasida muammolar yuz berayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Oʻtkazilgan monitoring tadbirlari yakunlari boʻyicha aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati