Huquqiy aksiya: 2 500 dan ziyod fuqaro bepul maslahatlar oldi
“Yuksalish” umummilliy harakati hamda Oʻzbekiston Notarial palatasi hamkorligidagi “Huquqiy maslahatlar kuni” aksiyasi bu yil toʻrtinchi marta oʻtkazildi.
Aksiya 20—21-fevral kunlari respublikamizning barcha hududlarini qamrab oldi va unda 350 nafar notarius xodimlari tomonidan 2 540 nafar fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi. Asosiy mavzu meros, meros huquqi masalalariga qaratildi.
Mulk va mulk huquqini vujudga keltiruvchi obyektlardan biri meros huquqidir. Meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi. Har bir shaxs Konstitutsiyada belgilab berilgan iqtisodiy huquqlardan foydalanib, mulkdor boʻlishga haqli. Mulkdor mulkiga oʻz xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va tasarruf etadi.
Meros huquqi vorislik va meros masalalarini, vorislik asoslarini, merosning ochilishi va vorislik huquqini amalga oshirish, meros huquqining obyektlari va subyektlarini, vasiyat boʻyicha va qonun boʻyicha vorislikni, merosni egallash masalalarini tartibga soladi.
Qonunchilikda merosxoʻrlarning merosdan voz kechish huquqi ham belgilangan. Lekin, merosning muayyan qismidan voz kechishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qayd etish kerak, ayrim hollarda huquqiy bilim yetarli boʻlmagani tufayli fuqarolarimiz oʻrtasida meros masalasida turli kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Yaqin qarindoshlar oʻzaro meros talashib, sudlashayotgan holatlar ham bor. Bu koʻpincha ogʻzaki vasiyat qilinib, notarius orqali hujjatlashtirilmaganidan kelib chiqadi.
Aksiya davomida ishtirokchilarga “Meros ishi qanday rasmiylashtiriladi?”, “Vasiyatnoma qanday holatda tuziladi?” mavzularida tarqatma materiallar berildi.
“Maslahat burchagi”ga qilingan murojaatlar tahliliga koʻra, meros masalasida 853 nafar, koʻchmas mulkni boshqa shaxs nomiga oʻtkazish masalasida 295 nafar, uy-joy boʻyicha ishonchnoma berish masalasida 260 nafar, avtomobilni rasmiylashtirish masalasida 70 nafar, garov shartnomasi masalasida 57 nafar fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.

Eslatib oʻtamiz, “Yuksalish” harakati va Notarial palata oʻrtasidagi hamkorlik 2020-yil sentyabr oyida ikki tashkilot oʻrtasida imzolangan Memorandum doirasida yoʻlga qoʻyilgan. Shu vaqtgacha fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, notariat sohasini isloh qilish jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ekspert va olimlarni faol jalb etish, shu jumladan xayriya tadbirlari va joylarda targʻibot ishlarini oʻtkazish bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Har ikki tashkilot oʻrtasidagi samarali hamkorlik davom etmoqda.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati