@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O'zbekistonning 3 ta shahriga bolalar va yoshlarga oid loyihalar amalga oshirilishi uchun 30 ming AQSh dollari berildi

 2023-02-21 19:13:00   |     Просмотров: 3056

3 mingta shahar, 30 million nafar bolalar va yoshlar. Bu raqamlar UNICEF bolalar jamgʻarmasining global tashabbusi amalga oshirilgan hududlar hamda unga qamrab olinganlar sonidir. Ilk bor 1996-yilda ilgari surilgan ushbu “Bolalar va yoshlar uchun doʻstona shahar” tashabbusiga 2021-yilda Oʻzbekiston ham rasman qoʻshilgan...

Tashabbus Oʻzbekistonda “Bolalar va yoshlar uchun mahalliy boshqaruv” nomi bilan “Yuksalish” umummilliy harakati, UNIСEF’ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda. Unga 6 ta hudud – Asaka (Andijon viloyati), Qoʻqon (Fargʻona viloyati), Termiz (Surxondaryo viloyati), Zarafshon (Navoiy viloyati), Yangibozor (Xorazm viloyati) va Boʻston (Ellikqal’a tumani Qoraqalpogʻiston Respublikasi) shaharlari tanlab olingan.

2022-yil davomida hamkor tashkilotlar tomonidan mahalliy hokimlik organlariga bolalar va yoshlarning sharoitini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish hamda qarorlar qabil qilish jarayoniga yoshlarni jalb qilish bo‘yicha uslubiy va texnik yordam ko‘rsatildi. Jumladan, xalqaro ekspertlar mahalliy hokimlik vakillariga natijaga yo'naltirilgan rejalar tuzish ko'nikmalarini o'rgatishdi. Shuningdek, “Yosh maslahatchilar” kengashlari tuzilib, 10 mingga yaqin bolalar va yoshlar onlayn va offlayn tarzda maslahatlashuvlar orqali hokimliklarning ish rejalarini tuzish jarayoniga jalb etildi. Bu jarayonda “Hokim va yoshlar” uchrashuvlari muhim o‘rin tutdi, unda rahbarlar va yoshlar o‘z shahridagi bolalar va yoshlar bilan bog‘liq ijtimoiy masalalarni muhokama qilish imkoniga ega bo’lishdi.

Joriy yilning 21-fevral kuni Toshkent shahrida har bir nomzod shaharning 2023-yilga moʻljallangan yoshlarga oid Harakatlar rejasi taqdimot qilindi. Hokimlar “Yosh maslahatchilar” kengashi vakillari bilan birgalikda o‘z ish rejalari, aynan bolalar va yoshlarning takliflari bilan tanishtirdi. Shundan soʻng, Harakatlar rejasi tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Muvofiqlashtirish kengashi tomonidan baholandi va 3 ta shahar gʻolib, deb topildi: Boʻston, Yangibozor va Qoʻqon. Gʻolib shaharlarga oʻz hududidagi bolalar va yoshlarning farovonligini yaxshilash boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishi uchun 30 ming AQSH dollari miqdorida qoʻshimcha mablagʻ taqdim etildi. Zarafshon, Termiz va Asaka shaharlari esa ragʻbatlantirildi.

2023-yil davomida “Yuksalish” umummilliy harakati, Yoshlar ishlari agentligi va UNICEF vakillaridan iborat Ishchi guruh monitoring olib boradi. Yil oxirida chora-tadbirlar rejalarini muvaffaqiyati amalga oshirgan shaharlarga “Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shahar” maqomi beriladi. Bundan tashqari, bolalar va yoshlar manfaatlarini ko‘zlab, mahalliy boshqaruvni hamda dasturlarni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Tadbirda Shveytsariyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi Hamkorlik boʻlimi boshligʻi Raxel Byosh, UNICEF'ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov, Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Alisher Saʼdullayevlar soʻzga chiqib, Tashabbusning ahamiyatiga toʻxtalib oʻtishdi. Barcha bolalar oʻzlarini xavfsiz his qiladigan, birlamchi xizmatlardan, toza havo va suvdan foydalanishlari, xordiq chiqarishi, oʻrganishi va oʻsishi mumkin boʻlgan, ularning tashabbuslari eʼtiborga olinadigan va qulay muhitda oʻsish huquqiga egaligini, ushbu Tashabbus maqsadi ham shaharlar va hududlarda har bir bola uchun yuqoridagi huquqlarni roʻyobga chiqarish ekanligini taʼkidlashdi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati