@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Ekspert: Fuqarolar o’zining moliyaviy ko’nikmalarini shakllantirishi kerak

 2022-11-28 15:17:16   |     Просмотров: 2695

1—21-noyabr kunlari davomida “Jamotchilik fikri” Telegram-kanali orqali messenjer foydalanuvchilarining pul mablagʻlarini qayerda va qanday shaklda saqlashini bilish maqsadida soʻrov oʻtkazildi.

Soʻrovda jami 1067 kishi ishtirok etdi. Shundan respondentlarning 45 foizi pul jamgʻarish imkoniyati yoʻqligini, hammasi roʻzgʻorga ketishini, 35 foizi pul yig'olmasligi kredit toʻlovlari borligi bilan bogʻliqligini taʼkidlagan.

Respondentlarning 19 foizi mablagʻini uyida, milliy valyutada naqd pul shaklida, 13 foizi esa xorijiy valyutada saqlashini qayd etgan. Soʻrov ishtirokchilarining atigi 9 foizi pulini banklarda, omonat koʻrinishida, 6 foizi koʻchmas mulk koʻrinishida saqlashi maʼlum boʻldi. Respondentlarning 2 foizi mablagʻini aksiya va qimmatli qogʻozlarga investitsiya qiladi va yana shuncha foizi kriptovalyutada saqlaydi.

Ushbu soʻrov natijalarini Moliya.uz va “Growth Academy” hammuassisi, moliyaviy savodxonlik boʻyicha ekspert Shohida IBRAGIMOVA shunday sharhladi:

— So’rovnoma natijasiga ko’ra, respondentlarning 80 foizi umuman pul yig’olmaydi. Bu asosan, xarajatlarni to’g’ri boshqara olmaslik, daromadni taqsimlashni bilmaslik va to’g’ri moliyaviy odatlar shakllanmagani bilan bog’liq.

So'ralganlarning 35 foizi pul jamg’ara olmasliklari bilan birgalikda, pul bilan to’g’ri munosabat o’rnatmaganliklari natijasida qarz va kreditlarga o’ralashib qolgan. Kredit olsa bo’ladigan vaziyatlar bor, olib bo’lmaydigan vaziyatlar bor. Kredit olishda noto’g’ri qabul qilingan qarorlar odamlarni qarzga botirib qo'yishi mumkin.

Ishtirokchilarning 45 foizida jamg’arma bor va bu yaxshi. Lekin ularning yarmi, ya’ni 19 foizi mablag'ini uyda naqd pul shaklida va milliy valyutada saqlashi ma'lum bo'ldi. Bu unchalik to’g’ri usul emas. Birinchidan, uyda turgan pulni tez ishlatib qo’yamiz, ikkinchidan, naqd pul inflyatsiyaga uchraydi, buning natijasida zarar ko'rish mumkin.

Respondentlarning 9 foizigina mablag'ini bank omonatida saqlar ekan, bank omonati pul saqlash uchun yaxshi tanlov, biroq, passiv daromad o’rnini bosa olmaydi.

Pulni ko’chmas mulk shaklida saqlash ham yaxshi tanlov. Bu ishonchli investitsiya turlariga kiradi. Uni ijaraga berib passiv daromadga aylantirish mumkin.

So'ralganlarning 4 foizi mablag'ini investitsiya qilar ekan. Har qanday investitsiya qilishdan oldin uni puxta o’rganish kerak, bu xavf-xatarlarni kamaytiradi.

So’rovnomadan qisqa xulosa qilish mumkinki, fuqarolarda moliyaviy savodxonlik darajasi, afsuski, past. Yaxshiroq natijaga erishish uchun daromadni ko’paytirish yo’llarini, passiv daromad manbalarini yaratish va moliyaviy ko’nikmalarni shakllantirish kerak.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati