@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan jamoatchilik nazorati natijalari: avvalgi yillarga nisbatan davlat dasturlarining ijrosida qator ijobiy omillar kuzatilmoqda

 2019-05-03 16:19:36   |     Просмотров: 6167

Shu yilning 1-2 may kunlari “Yuksalish” umummilliy harakati va hamkor tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh Qorqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi. Tashrifdan asosiy maqsad — “Yuksalish” umummilliy harakatining Qoraqalpog‘iston jamoatchiligi uchun taqdimotini o‘tkazish, fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini o‘rganish, shuningdek, davlat va investitsiya dasturi ijrosi yuzasidan jamoatchilik monitoringini amalga oshirishdir.

Tashrif doirasida hamkor nodavlat notijorat tashkilotlari bilan respublikaning Chimboy tumani “Qora kol” OFYda tashkil etilgan etnografik ovul faoliyati, jumladan, mahalliy hunarmandlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan tanishildi. Hunarmandlarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida jamoatchilik instituti mexanizmlari, jumladan, grant va beg‘araz yordamlarni jalb qilish zarurati qayd etildi.

Shundan so‘ng fuqarolarning bandlishini ta’minlash maqsadida Chimboy iqtisodiyot kolleji hududida tashkil etilayotgan Etnografik markaz faoliyati bilan ham tanishildi.

Shuningdek, tashkilotlar, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan birgalikda Chimboy tumanida investitsiya va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari ijrosi jamoatchilik monitoringi nuqtai nazaridan o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Chimboy tumanida ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini, ichimlik suvi tarmoqlarini, yo‘llarni qurish va ta’mirlash, ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash, ularning atrofini obodonlashtirish dolzarb ahamiyatga ega.

Umuman, avvalgi yillarga qaraganda bu yilgi dasturlarning ijrosini ta’minlashda qator ijobiy omillar ko‘zga tashlandi. Jumladan, mahalliy budjeti daromadidan ortgan mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi tasarrufida qoldirilgani ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik loyihalarni o‘z vaqtida moliyalashtirish, qolaversa, odamlarning kundalik turmushini yaxshilash yo‘lida tezkor qarorlar qabul qilish imkonini bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Chimboy tumani markazi 60 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlangan, belgilangan dasturlarning amalga oshirilishi natijasida bu ko‘rsatkich 70-80 foizga yetadi. Chimboy tumanida aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, “Qorako‘l” MFY J. Hamidullayev ko‘chasida suv tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun 588,7 mln so‘m ajratilgan, 30 foiz moliyalashtirilgan, ishlarning esa 64 foizi bajarilgan. Bundan tashqari, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun “Berdax” OFY da 361.0 mln. so‘mlik , “Pashentau” OFYda 238.0 mln. so‘mlik, "Qыzыl o‘zek" OFYda 295.0 mln so‘mlik, “Taza jol” OFYda 195.0 mln. so‘mlik, “Baxыtlы” OFYda 282.0 mln. so‘mlik ishlarni amalga oshirish belgilangan.

“Shaxtemir” OFY Gagarin, Abduraimov, Sh. Rashidov ko‘chalarida joylashgan 7, 17, 9, 2, 52-uylar oldida bolalari maydonchalari barpo etishga 302. mln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda mazkur uylarning tomlarini ta’mirlash uchun 537.0 mln so‘m ajratilgan. 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanida «Berdaq» va «Jipek jo‘li» ko‘chalarida aholi uchun 2,9 km ichimlik suvi quvuri tortilmoqda.

Ishchi guruh a’zolari “Shaxtemir” OFYdagi Gagarin, Sh. Rashidov ko‘chalaridagi 2 qavatli ko‘p xonadonli uylarning tomini yopish va bolalar maydonchasini qurish uchun ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha ishlar sust borayotganini aniqladi. Uylarda ichimlik suvi yo‘q, kanalizatsiya tarmog‘i ishdan chiqqan, odamlar tashqarida joylashgan sanuzellardan foydalanishga majbur bo‘lishmoqda. Ta’mirlash-obodonlashtirish ishlari sust borayotgani ham odamlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘layapti. Chunki ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanayotgan qurilish tashkilotida bor-yo‘g‘i 7 nafar ishchi bor. Bu esa belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida hal qilish imkonini bermayapti.

Q. Abduraimov ko‘chasidagi 2-uy XUJMSh bankdan kredit olib, binoni ta’mirlagan, lekin uyning atrofi ayanchli ahvolga kelib qolgan, o‘sha uylarda yashayotgan 16 ta xo‘jalik tashqarida, uy oldida taxtadan yasalgan hojatxonalardan foydalanmoqda, ularning atrofi ham abgor holatga kelib qolgan. Mazkur uyning oldida poliklinika bor, barcha chiqindilarni, jumladan, ishlatilgan tibbiyot vositalarini uyning oldida yoqmoqda, atrofda yashovchi aholi esa bundan juda ham norozi.

Chimboy tumanidagi 7-maktabga 2473 mln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan, biroq maktabning yangi binosi qurilishiga 1212,6 mln so‘m ajratilgan. Shunday bo‘lsa-da, maktabning mavjud binosi ham kapital ta’mirlashga muhtoj. Bu ishlarga mablag‘ ajratilmagan. Ma’lum bo‘lishicha, 1980 yilda qurilgan maktab binosi shundan beri umuman kapital ta’mirdan chiqarilmagan.

1 may kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi majlislar zalida majlis bo‘lib o‘tdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, mahalliy kengashlar deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirokida ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q. Sariyev olib bordi.

Tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakatining maqsad va vazifalari, unga a’zo bo‘lish tartibi hamda taqdim etilayotgan kichik grantlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi manfaatdor vazirlik va idoralari Davlat dasturi, investitsiya dasturlari ijrosidan jamoatchilik hisobot berib, bajarilayotgan ishlar, muammo va kamchiliklar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ajratilayotgan mablag‘larni to‘liq va maqsadli o‘zlashtirish zarurligi, bu tadbirlarda jamoatchilik, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham faol ishtirok etishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovlarida ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlariga grant sertifikatlari tantanali topshirildi.

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati