@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O‘zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq sohalarida xalqaro huquqni amalga oshirishni takomillashtirishga oid loyiha ishga tushirilmoqda

 2021-09-24 16:15:40   |     Просмотров: 3960

Joriy yilning 24-sentyabr kuni Xalqaro yuristlar komissiyasi (XYuK), BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi va “Yuksalish” umummilliy harakati hamkorlikda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq sohalarida halqaro huquqni O‘zbekiston milliy huquqiy bazasiga implementatsiya jarayonini takomillashtirishga qaratilgan loyiha taqdimotini o‘tkazdi. Loyiha iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq sohalarida odil sudlovni ta’minlashga qaratilgan avvalgi loyihaning mantiqiy davomi bo‘ldi.

“O‘zbekistonda xalqaro huquqni qo‘llash sifatini oshirish” (EQUAL) deb nomlangan yangi loyiha taqdimotida hamkor tashkilotlar, NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, davlat idoralari vakillari, soha ekspertlari ishtirok etdi. Loyiha Yevropa Ittifoqining moliviy ko‘magida uch yil mobaynida “Yuksalish” UMH va HYuK tomonidan amalga oshiriladi.

— Biz O‘zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq sohalarida implementatsiya jarayonini takomillashtirish bo‘yicha loyihani boshlayotganimizdan xursandmiz. Bu huquqlar davlatlarning halqaro huquq majburiyatlariga muvofiq, qonun va amalda xech qanday asosda kamsitilmasdan kafolatlanishi lozim. Men O‘zbekistondagi faoliyatimizning bu yangi bosqichini sabrsizlik bilan kutyapman va umid qilamanki, Xalqaro yuristlar komissiyasi va uning hamkorlari O‘zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni kundalik haqiqatga aylantirishga hissa qo‘shadilar” - dedi XYuKning Yevropa va Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy dasturi rahbari Roushin Pilley.

Hamkorlar loyiha taqdimoti davomida uni targ‘ib etish bo‘yicha axborot va mamlakatda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilish bo‘yicha ish rejasini ma’lum qildi.

— Yangi loyiha o‘z vaqtida amalga oshirilyapti, chunki aynan hozir pandemiya sharoitida aholining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlaridan xabardorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Biz qo‘llab-quvvatlayotgan va ma’qullayotgan ushbu loyiha inson huquqlari va qonun ustuvorligini targ‘ib qilishga qaratilgan ekan, bu, o‘z navbatida, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga yo‘naltirilgan strategiyasining muhim qismi hisoblanadi”, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlott Adrian.

BMTning Markaziy Osiyodagi Inson huquqlari bo‘yicha byurosi mintaqaviy vakili Rishard Komenda loyiha doirasida iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Halqaro paktning (ICESCR), shuningdek boshqa tegishli shartnomalar, hususan, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani samarali implementatsiya qilinishiga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. U loyiha maqsad va vazifalariga erishish uchun jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan faol hamkorlik qilishga chaqirdi.

— So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi. Biz “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyillarini qat’iy himoya qilishimiz va inklyuziv imkoniyatlarni yaratishimiz kerak. Ishonchim komilki, ushbu loyiha mavjud muammolarni chuqurroq tushunishga, ilg‘or tajribalarni ilgari surishga va qabul qilinayotgan qarorlar sifatini oshirishga yordam beradi”, - dedi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov.

                                                                                                                                                             “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati