@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Xonobod shahri va Jalaquduq tumanidagi 116 nafar ehtiyojmand oilaga moddiy yordam berildi

 2021-09-23 12:06:40   |     Просмотров: 3988

Joriy yilning aprel oyida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “COVID-19 pandemiyasining O‘zbekiston fuqarolik jamiyatiga ta’sirini kamaytirish dasturi” ishga tushirildi. Dastur doirasida “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Farg‘ona viloyati “Taraqqiyot” aholi turmush tarzini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning chekka qishloq hududlarida pandemiya sharoitida qarorlar qabul qilishda aholining ehtiyojmand qatlami ishtirokini oshirish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha mamlakatimiz hukumatiga ko‘maklashishga qaratilgan.
   Loyihaning asosiy maqsadi – mahalliy hokimliklar va tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda qishloq aholisining ehtiyojlarini baholash va manzilli yordam ko‘rsatish, mahalliy kichik infratuzilmani tiklash, yaxshilash bo‘yicha inklyuziv yondashuvlarni amalga oshirishdan iborat.
Loyiha davomida (18 oy, byudjeti – 400 ming yevro) Andijon, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarining olis qishloq xududlaridagi aholiga yordam ko‘rsatishga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan. Bular:
• 12 ta chekka qishloq hududidagi 350 ta ehtiyojmand oilaga pul mablag‘i tarqatish;
• Kichik infratuzilma (ichki yo‘llar, kichik ko‘priklar, elektr simlari va ustunlari, transformator, suv nasoslari va boshqa)ni takomillashtirish;
• OShP va QVPlarni COVID-19ga qarshi maxsus to‘plamlar bilan ta’minlash.
   Bugungi kunga kelib, “Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot” aholi turmush tarzini rivojlantirish markazi vakillari respublikaning uchta viloyatidan 6 ta tuman va 12 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi ehtiyojmand oilalar ro‘yxatini shakllantirdi, kichik infratuzilma muammolarini aniqladi.
   21-sentyabr kuni Jalaquduq tumani hokimligi binosida, 22-sentyabr kuni esa Xonobod shahri hokimligi binosida loyiha doirasida qilingan ishlarning taqdimoti o‘tkazildi. Unda loyiha tashkilotchilari, mahalliy hokimliklar, tuman (shahar) ishchi guruh vakillari, mahalla faollari ishtirok etdi. Qayd etilganidek, joriy yilning iyun oyida loyihaning birinchi bosqichini amalga oshirish Andijon viloyatida boshlandi. Buning uchun Xonobod shahrining “Istiqlol” va “Navoiy” mahalla fuqarolar yig‘inlari, Jalaquduq tumanining “Namuna” va “G‘alaba” mahalla fuqarolar yig‘inlari tanlab olindi. Dastlab ishchi guruh hamda MFYlar faollari ishtirokida maslahat uchrashuvlari o‘tkazildi. Uchrashuvlarda har ikki hududdagi 70 dan ziyod MFYlar ma’lumotlari (ehtiyojmandlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisiz qolgan ko‘p bolali yolg‘iz ayollar, qariyalar soni) tahlil qilindi. Mahallalardagi ehtiyojmand oilalar ro‘yxati tuzildi, kichik infratuzilmaviy muammolar aniqlab olindi. So‘ng, joyiga chiqib o‘rganildi: ehtiyojmandlar uylariga borildi, ular bilan suhbat qurildi, ichki ko‘cha yo‘llari holati, suv manbalari, elektr ta’minoti – elektr simlari, ustunlari, transformatorlar ko‘zdan kechirildi.
Shu bilan birga, Qishloq vrachlik punktlari (QVP), Oilaviy shifokorlik punktlari (OShP)ning sharoitlari o‘rganildi. Hozirda ularga tibbiy buyumlar va uskunalar sotib olish uchun tender e’lon qilingan.
   Tadbirda 116 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolarga pul mablag‘lari (plastik kartada 3 779 100 so‘mdan) tarqatildi.

  Qayd etish kerak, loyiha davomida mahallalardagi ehtiyojmand oilalarni, infratuzilmaga tegishli muammolarni aniqlash jarayonida aholining o‘zi bevosita ishtirok etdi. Bunda yechim topilishi kerak bo‘lgan masalalarni yaqqol tasavvur qilish imkoni bo‘ldi. Eng muhimi, jamiyat hayotida, qarorlar qabul qilishda fuqarolarning erkin ishtiroki ta’minlamoqda. Ularning manfaati yo‘lida qilinayotgan o‘zgarishlarda shunchaki kuzatuvchi bo‘lib qolmayapti, aksincha, jarayonlarda faol ishtirok etib, turli tashabbus va takliflarini ilgari surmoqda.
Ma’lumot uchun: Loyiha jarayonlari https://t.me/aholiga_yordam Telegram-kanali orqali yoritib kelinmoqda.
                                                                                                           “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati