@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi joriy yilning 3 may kuni bo‘lib o‘tadi

 2019-04-26 14:12:30   |     Просмотров: 4575

Bugun, 2019 yil 26 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisini joriy yilning 3 may kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari kiritilgan. Xususan:

  • “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi;
  • “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi;
  • “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risida”gi;
  • “Yaylovlar to‘g‘risida”gi qonunlar.

Shuningdek, senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ham ko‘rib chiqadi.

Shu bilan birga, yalpi majlisda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining, prokuratura organlarining, Hisob palatasining 2018 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari eshitiladi.

Yalpi majlisda Toshkent viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti ham tinglanadi.

Senatorlar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash masalalari, suv ob’ektlariga oqindi suvlarni oqizish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan hukumat a’zolariga parlament so‘rovlari yuborish, shuningdek ilgari yuborilgan parlament so‘rovlari natijalarini muhokama qilishadi.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqiladi.

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati