@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

14-dekabr kuni Respublikaning barcha hududlarida “Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” milliy aksiyasi bo‘lib o‘tadi

 2019-12-12 14:26:00   |     Просмотров: 4195

Bugun “Yuksalish” umummilliy harakati ofisida mazkur aksiya doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar haqida keng jamoatchilikka axborot berish maqsadida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda tadbir tashkilotchilari, hamkor vazirlik va idoralar vakillari, madaniyat va san’at namoyondalari jurnalistlarning qiziqtirgan savollariga javob berdilar.

Ma’lumki, joriy yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlar o‘tkaziladi. Unda barcha fuqarolarni faol ishtirok etishga chorlash maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan “Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” milliy aksiyasini o‘tkazish tashabbusi bildirildi. Quvonarlisi, ushbu taklif O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi, mahalliy hokimliklar, Xalqaro matbuot markazi va boshqa qator jamoat tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, 14-dekabr kuni soat 14:00da respublikamizning barcha hududlarida bir vaqtning o‘zida ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi belgilandi. Uning doirasida taniqlik insonlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi, saylovga tayyorgarlik jarayonlari hamda qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida foydali ma’lumotlar taqdim etiladi hamda musiqiy dasturlar va turli viktorinalar o‘tkaziladi. Eng asosiysi, saylovlar haqida barcha ma’lumotlar sodda va tushunarli tilda aholiga yetkaziladi.

Tadbirlar viloyat, shahar va tuman markazlarida bo‘lib o‘tadi. Aksiyani yuqori saviyada o‘tkazish uchun ochiq maydonlar va xiyobonlarda barcha kerakli texnik jihozlar va boshqa qo‘shimcha qulayliklar yaratilgan. Jumladan, aksiya Samarqand shahridagi Samarqand viloyati musiqali drama teatrining yozgi sahnasida, Termiz shahrida amfiteatrda, Qarshi shahrida “Mustaqillik” maydonida bo‘lib o‘tadi.

Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati barcha OAV vakillaridan “Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” aksiyasi jarayonlarini, ayniqsa, hududlarda bo‘lib o‘tadigan tadbirlarni faol yoritilishida, tezkor xabarlar va yorqin fotosuratlar ko‘rinishida veb-saytlar hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib borilishida hamkorlikka chorlaydi.

 

“Yuksalish” umummilliy harakati matubot xizmati