@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Toshkent shahrida “Biznes hamjamiyati bilan ochiq muloqotni o‘rnatish rejalashtirilgan iqtisodiy islohotlarga erishish garovi sifatida” mavzusida biznes forum bo‘lib o‘tdi.

 2019-11-26 14:26:00   |     Просмотров: 3555

Bugun, 26 noyabr kuni Toshkent shahrida “Biznes hamjamiyati bilan ochiq muloqotni o‘rnatish rejalashtirilgan iqtisodiy islohotlarga erishish garovi sifatida” mavzusida biznes forum bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli vazirlik va idoralar, soha ekspertlari hamda tadbirkorlar ishtirok etib, O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarining borishi, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, qulay biznes muhitini yanada yaxshilash, shuningdek, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qildilar.

Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, soliq tizimi tubdan isloh qilindi, ruhsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tashkil etildi. Bojxona bojlari stavkalari ikki baravar kamaytirildi, 3550 nomdagi mahsulotlarga nol stavkadagi import boji va 1222 turdagi mahsulotlarga nol stavkadagi aksiz solig‘i joriy qilindi.

Bundan tashqari, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika kengashi tugatildi, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejalı tekshiruvlar bekor qilindi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqlaridan mahrum qilish jazo chorasi qo‘llash taqiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi farmoni bilan O‘zbekistonda ikki yil muddatga tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga moratoriy e’lon qilindi.
Faoliyat ko‘rsatmayotgan, bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan yirik obyektlar va yer maydonlarida 143 ta kichik sanoat zonalari, shuningdek, 21 ta sanoat, qishloq xo‘jaligi va sayyohlik zonalari tashkil etildi.

Soliq yukini kamaytirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifa va tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 14 ta hududda Xotin-qizlar qo‘mitalari qoshida “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari” tashkil etildi. 18 mingdan ziyod xotin-qizlar qisqa o‘quv kurslarida o‘qitildi. 2019 yilning 9 oyi holatiga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlar soni 38 ming 267 nafar bo‘lib, ular tomonidan 58 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratildi. 2019 yilning yanvar-sentyabr oylarida tijorat banklari tomonidan jami 79 ming 645 nafar xotin-qizlarga 1 trln 924 mlrd 542 mln so‘mlik kreditlar ajratildi.

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining 2018 yildagi resurs hamda 2019 yildagi resurs mablag‘lari hisobidan 5 ming 44 nafar xotin-qizlarga 119 mlrd 560 mln so‘m miqdorda kreditlar ajratildi.
Shunga qaramay, hanuzgacha ushbu yo‘nalishda bir qator salbiy omillar saqlanib qolmoqda. Bo‘lib o‘tgan forum davomida ham aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan masalalarni hal etish yo‘llari, davlat organlarining tadbirkorlar bilan faol muloqotga kirishishlari va buning natijasida tizimdagi mavjud muammolarga birgalikda yechim topish muhimligi aytib o‘tildi.

Forum ishi davomida biznes hamjamiyati va mustaqil ekspertlar tomonidan aytib o‘tilgan fikr va takliflar, joylarda tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar, sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan xalqaro tajribalar umumlashtirilib, mutasaddi tashkilotlarga taqdim etildi.

Ma’lumot uchun: “Yuksalish” umummilliy harakati doimiy ravishda turli dolzarb masalalarga bag‘ishlangan munozara uchrashuvlari — Ekspertlik platformalarini tashkil etib kelmoqda. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mahalliy hamda xalqaro ekspertlar asosiy ma’ruzachi sifatida ishtirok etib, u yoki bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, bunda xalqaro tajribalarning joriy etilishi haqida axborot beradilar.

Ekspertlik platformasining asosiy maqsadi hududdagi yetakchi intellektuallar va fuqarolik jamiyati vakillarining sa’y-harakatlarini ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, tahliliy mahsulotlar ishlab chiqish, axborot beruvchi loyihalar yaratish va Markaziy Osiyo, Yevropa va Amerikaning ilmiy markazlari va ekspertlari o‘rtasida doimiy hamkorlikni o‘rnatish hisoblanadi.

 

                                                                                                                                                                                                                                 “Yuksalish” harakati matbuot xizmati.