@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Nomoz Jumayev - sahro g’olibi!

 2019-11-20 10:23:00   |     Просмотров: 3987

Nomoz Jumayev - Surxondaryo viloyatida istiqomat qilayotgan oddiy pensioner. U o‘tgan yilning avgust oyida Prezident farmoni bilan “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.

2010 yildan 2013 yilga qadar Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on shahrining “Qora yantoq” mahallasida yashovchi Nomoz Jumayev o‘z oilasi bilan birga 15 ming tup saksovul ko‘chatlarini ekishga erishdi. U hayot yo‘q qumliklarni o‘rmonga aylantirishga harakat qilmoqda. O‘tgan davr mobaynida u 50 gektar maydonni, ya’ni 35 ta futbol maydoniga teng hududni ko‘kalamzorlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Bugun “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari Nomoz Jumayev xonadonida bo‘lib, faol fuqarolik pozitsiyasi, jamoat manfaatlari yo‘lidagi sa’y-harakatlari, atrofdagi voqealar va yurt farovonligi yo‘lida qayg‘urgani uchun “Oramizdagi qahramonlar” ijtimoiy loyihasi doirasida tashakkurnoma topshirdilar.

Ya’qinlarining aytishicha, ushbu ishlarning boshida ko‘plab qiyinchiliklar bo‘lgan. Ilk yillari ko‘chatlar ildiz otmadi. Qo‘shnilar uning orqasidan g‘iybat qilib, qo‘lidan hech narsa kelmasligini ta’kidlashar edi. Ammo, Nomoz aka taslim bo‘lmadi, o‘z ishini davom ettirdi. Bugun esa, deyarli o‘n yildan so‘ng, saksovullar sezilarli darajada o‘sdi, ba’zilari hattoki odam bo‘yidan ham oshdi. Shu yilning dekabrida u yana saksovul ekishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda nihollar tayyorlamoqda.

Nomoz Jumayev o‘z misolida maqsad sari intilish, rivojlanish, jamiyat farovonligi uchun hissа qo‘shish, bunda hatto kichik qadamlar yoki sa’y-harakatlar ham butun mahalla, shahar, hudud yoki mamlakat hayotini yanada yaxshi tomonga o‘zgartira olishini ko‘rsatib berdi. Nomoz aka odamlarni, ayniqsa yoshlarni kundalik hayotimizda jasoratlar qilishga ilhomlantirmoqda.

Ma’lumot uchun: Ko‘pchilik Nomoz Jumayevning qahramonligi haqida ilk bor Gazeta.uz internet-nashrining “Ko‘rinmas qahramonlar” loyihasi orqali bilishgan. Shundan so‘ng, uni sahro g‘olibi deb atay boshlashdi. Ushbu material jamiyatda katta rezonansga sabab bo‘lgan edi.