@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Koreys sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohalar instituti delegatsiyasi bilan uchrashuv

 2019-11-19 10:23:00   |     Просмотров: 2516

18 noyabr kuni “Yuksalish” umummilliy harakati ofisida Koreya sog‘liqni saqlash va ijtimoiy soha instituti (KIHASA) delegatsiyasi, uning prezidenti Choi Hyung Shik rahbarligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

KIHASA prezidenti Choi Hyung Shik ta’kidlashicha, Janubiy Koreya ilmiy va akademik doiralari O‘zbekiston hamkasblari bilan sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildiradi. Ular O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda tibbiyot rivojlanish markazi sifatida ko‘rishni istaydilar. Koreya Respublikasi tibbiyot, ijtimoiy muammolarni o‘rganish va hal etishda boy tajribaga ega bo‘lib, tajriba almashish va ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda texnik yordam ko‘rsatishga tayyor. Shuningdek, ijtimoiy muammolarni o‘rganishda hamkorlik qilishni taklif qiladi. Koreya Respublikasi majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishni taklif qilmoqda.

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burhanov ta’kidlashicha, Koreya Respublikasi O‘zbekistonning barcha sohalardagi uzoq muddatli hamkori hisoblanadi. Xususan, janubiy koreyalik hamkasblar O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashni rivojlantirish va tibbiy xizmat sifatini oshirishga katta hissa qo‘shmoqda. Kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida birgalikdagi ishlarni amalga oshirish uchun yangi platformalar yaratish muhimdir.

Mehmonlarga “Yuksalish” harakatining faoliyati va vazifalari haqida ma’lumot berildi. Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish va tayyorgarliklarini bildirdilar.

Ma’lumot uchun: Ushbu tashkilot 1971-yil 1-iyulda Koreya oilani rejalashtirish instituti sifatida tashkil etilgan. 1989-yil 30-dekabrda esa Koreya sog‘liqni saqlash va ijtimoiy soha instituti sifatida qayta tashkil etilgan.

Institut milliy sog‘liqni saqlash, tibbiyot sanoati, ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy ta’minot, oila va aholi farovonligi asosiy masalalarini o‘rganadi va baholaydi; tegishli mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan seminarlar, konferensiyalar orqali hamkorlikda ilmiy-tadqiqot loyihalarini va faol axborot almashinuv dasturlarini olib boradi; mamlakat ichida va chet elda aholini ma’rifatlantiradi va o‘qitadi.

 

                                                                                                                                                                                                                                 “Yuksalish” harakati matbuot xizmati.