@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Yuksalish” umummilliy harakati “Elsevier” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda ilm-fan nufuzini oshirish bo‘yicha hamkorlik qiladi

 2019-10-10 18:32:00   |     Просмотров: 4273

Joriy yilning 10 oktabr kuni “Yuksalish” umummilliy harakati va “Elsevier” yetakchi global axborot-tahlil kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra tomonlar O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi pozitsiyalarini yaxshilashga ko‘maklashish hamda mamlakatimiz ilm-fan nufuzini yanada oshirish bo‘yicha hamkorlik qiladilar.

Ta’kidlanganidek, dunyo davlatlarining rivojlanish darajasi tahlilida mamlakatning taraqqiyot etishidagi muhim indikatorlaridan biri ilmiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. Mavjud global indekslar (GII, GCI) universitetlar va yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari reytinglari bilan bir qatorda Scopus (Elsevier) tahlil platformasida ham taqdim etilgan mamlakatdagi fanning holati to‘g‘risidagi tahliliy ma’lumotlardan foydalanadi.

Imzolangan memorandum doirasida O‘zbekistonda ilm-fan nufuzini ommalashtirish bo‘yicha yetakchi fan namoyandalari, yosh olimlar, ilmiy loyihalar g‘oliblari — maktab o‘quvchilari, xalqaro ilmiy tashkilotlar vakillari ishtirokida davra suhbatlar, yoshlar uchun ilmiy forumlar, 9–11-sinflar, kollejlar va universitet talabalari uchun oliygohlar va ilmiy-tadqiqot institutlari laboratoriyalariga “roud-shou”lar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, “Yuksalish” umummilliy harakati qoshida forsayt turdagi tadqiqotlarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalarini doimiy monitoring qilib borish, shuningdek tegishli tuzilmalar, vazirlik va idoralar uchun ilm-fan rivoji bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, uning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash bilan shug‘ullanuvchi mustaqil tahliliy tadqiqotlar markazini tashkil etish nazarda tutilgan.

Hamkorlik yo‘nalishlari orasida — universitetlarning xalqaro reytinglarga kiritish dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, Hindiston, Xitoy, Singapur, Malayziya va Rossiya kabi davlatlar tajribasidan kelib chiqib, Mustaqil akademik jamg‘arma tashkil etish ham o‘rin olgan. “Braindrain report” tahlilini o‘tkazish, O‘zbekistonni tark etgan olimlarni aniqlash, chet eldan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish, xalqaro ilmiy hamkorlik ko‘rsatkichlarining doimiy monitoringi o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun: “Elsevier” – axborot-tahliliy tashkilot bo‘lib, ilmiy tashkilotlarga va olimlarga ilm-fanda muhim kashfiyotlar qilishga, sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish ko‘maklashib, insoniyat farovonligiga karatilgan ishlarining samaradorligini oshirishga yordam beradi. Kompaniya tibbiyot sohasida tadqiqotlarni boshqarish, ilmiy ishlar samaradorligini oshirish, qarorlar qabul qilish va ta’lim berish uchun mo‘ljallangan Science Direct, Scopus, SciVal, ClinicalKey, Sherpath kabi onlayn yechimlar va vositalarni taqdim etadi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati