«Юксalish» va BISI hamkorlik memorandumi tuzish imkoniyatini o‘rganmoqda
2023-yil 3-oktyabr kuni “Yuksalish” harakati ofisida Belarus Strategik Tadqiqotlar Instituti (BSTI) ekspertlar guruhi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tashkilotlarning asosiy faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishish va hamkorlikning istiqbolli sohalarini aniqlash muhokama qilindi.
“Yuksalish” umummilliy harakati ijrochi direktori Bobur Bekmurodov BSTI vakillariga Harakatning vazifalari, missiyasi va faoliyati haqida ma’lumot berdi. Xususan, “Yuksalish” O‘zbekiston davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi ustida olib borilayotgan ishlar, davlat organlari huzuridagi jamoat kengashlari bilan aloqalar hamda ularni rivojlantirishga ko‘maklashish yo‘nalishlari haqida gapirdi.
BSTI ekspertlarining qiziqishi fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlarini qarorlar qabul qilish jarayonlariga jalb qilish mexanizmlari, islohotlar monitoringida jamoatchilik ishtiroki, yangi tashkil etilgan NNTlarga ko‘rsatilayotgan yordam kabi masalalarga qaratildi. Jumladan, Harakatga a’zo bo‘lgan fuqarolarni O‘zbekiston parlamentining tinglovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish amaliyoti va “Jamoatchilik.uz” onlayn-platformasi faoliyati taqdim etildi.
BSTI direktor o‘rinbosari Tatyana Shendik “Yuksalish” harakatining xalqaro tashkilotlar va ekspert markazlari bilan hamkorligini qanchalik faol rivojlantirayotgani haqida so‘radi. Mehmonlarga yaqinda “Yuksalish” Umummilliy harakati global “CIVICUS” alyansiga a’zo bo‘lgani ma’lum qilindi. Ushbu alyans dunyo davlatlarida demokratiya va fuqarolik jamiyati rivojlanishini monitoring qiladi. E’tiborlisi, “Yuksalish” O‘zbekistondan ushbu alyansga a’zo bo‘lgan birinchi jamoat tashkilotidir.
Belarus Strategik Tadqiqotlar Instituti vakillari Umummilliy harakat bilan ustuvor yo‘nalishlarda, xususan, ko‘ngillilar faoliyati to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishda tajriba almashish masalalarida hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi. Ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolash imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun: Belarus Strategik Tadqiqotlar Instituti — mustaqil tahliliy markaz bo‘lib, faoliyatida ilmiy obyektivlik, ochiqlik va mas’uliyat tamoyillariga tayanadi. Institut Belarus rivojlanishi strategiyalarini dolzarb tadqiqotlar va sifatli ekspertiza asosida taklif etadi, ekspert jamoalari, fuqarolik jamiyati va siyosiy ishtirokchilar o‘rtasida muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati.