@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Toshkent shahrida uy-joy huquqi masalasi xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi

 2019-10-02 11:43:00   |     Просмотров: 4650

Bugun “Yuksalish” umummilliy harakati ofisida uy-joy huquqi sohasida odil sudlovni ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan ekspertlik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy va mahalliy ekspertlar, deputatlar, sud korpusi, akademik hamjamiyat vakillari hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirok etishdi.

Jumladan, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Eduard Stiprays, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer, Yuristlar xalqaro komissiyasi maslahatchisi Timur Shakirov hamda boshqa xalqaro va milliy ekspertlar o‘z fikrlarini bildirishdi.

Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Yuristlar xalqaro komissiyasi (YuXK), BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ekspertlik muhokamasini tashkil etishdan asosiy maqsad — sohaga oid ilg‘or xorij tajribasini tahlil qilish va amalga tadbiq etish uchun tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, qonunchilikni kelgusida yanada takomillashtirishga ko‘maklashish.

Muhokamalarda ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda barcha sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ijtimoiy uy-joylar qurilishini kengaytirish hisoblanadi. Jumladan, shahar va qishloqlarda umumiy yashash maydoni 3,5 million kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan namunaviy va ko‘p qavatli barpo etildi. Uy-joy qurilishi hajmi 2010 yilga nisbatan 3,5 baravarga oshdi.

2017 yildan buyon qishloq joylarida arzon uy-joy binolarining yangi tiplari qurila boshlandi. Alohida dasturlar asosida yosh oilalar va ayollar uy-joy bilan ta’minlanmoqda. Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun turar-joy binolari uchun to‘lovlarning foiz stavkasi pasaytirildi. Turar-joy binolari bilan ta’minlanish, shuningdek, qurilish kompaniyalariga soliq, bojxona va boshqa imtiyozlar berish orqali ta’minlandi.

Jumladan, pudratchi tashkilotlariga “tayyor holda topshirish” shartlari bo‘yicha turar-joy binolari, suv ta’minoti ob’ektlari va yo‘llarni qurish bo‘yicha ishlar hajmi bo‘yicha davlat maqsadli jamg‘armalariga barcha turdagi soliqlarni va majburiy to‘lovlarni to‘lashdan ozod qilindi.

Shu bilan birga, qurilishni tashkil etishda va muhtoj oilalarni uy-joy bilan ta’minlashda bir qator kamchiliklar mavjud bo‘lib, ularga yangi yondashuvlarni ishlab chiqish zarur. Jumladan, namunaviy loyihalar uchun arzon uy-joy qurish uchun ba’zan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ishlatiladi. Xususan, joriy yilda tuman hokimliklari tomonidan ushbu maqsadlar uchun ajratilgan 1065 gektar yer maydonining qariyb 60 gektari aynan shu toifaga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan arzon uy-joy binolarida shaharsozlik normalari va qoidalari talablari buzilganligi, loyihalardan chetga chiqish, sifatsiz qurilish-montaj ishlari kuzatilmoqda.

Bo‘lib o‘tgan muhokamalar davomida xalqaro huquqning tegishli jihatlari va uy-joy huquqi standartlari, uy-joy nizolari bo‘yicha sud amaliyoti, xorijiy mamlakatlarning bu boradagi tajribasi muhokama qilindi. Milliy va xalqaro ekspertlar davra suhbati davomida sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdilar.

 

 “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati