@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Toshkent shahrida Markaziy Osiyo Yoshlar kongressi bo‘lib o‘tdi

 2019-09-23 14:30:00   |     Просмотров: 3699

Joriy yilning 19-21 sentabr kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyo Yoshlar kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston, Rossiya va Germaniyadan tashrif buyurgan 80 dan ortiq yigit-qizlar va soha ekspertlari ishtirok etdi. Asosiy mavzu — “Raqamlashuv, iqtisodiyot, xavfsizlik va barqaror rivojlanish: Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi uchun istiqbollar”.

Kongress “Yuksalish” harakati tomonidan Konrad Adenauer jamg‘armasining mintaqaviy vakolatxonasi texnik ko‘magi bilan tashkil etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan Markaziy Osiyo yoshlar tashkilotlarida jamoatchilik diplomatiyasini rivojlantirish, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, yoshlar tashkilotlari, assotsiatsiyalar, birlashmalar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va ular bilan muloqotni yanada rivojlantirish, yoshlar tashkilotlarining eng yaxshi tajriba va amaliyotlari, muvaffaqiyatli loyihalar haqida muntazam tanishtirib boradigan munozara maydonini (“Toshkent yoshlar munozara klubi”) tashkil etish, shuningdek mintaqada ijtimoiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, yetakchi xorijiy ekspertlar, davlat organlari, NNTlar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida alohida guruhlarda muhokamalar tashkil etilib, raqamlashuv jarayonlari va uning rivojida yoshlarning o‘rni, Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy rivoji, xavfsizlik va barqaror rivojlanish kabi masalalar bo‘yicha yoshlarning takliflari ishlab chiqildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Markaziy Osiyo turli chaqiriqlar bilan yuzlashmoqda. Yosh mintaqa demografiyasi Buyuk Ipak yo‘li mamlakatlari kelajagi uchun katta salohiyatga ega. Kelajak uchun muhim bo‘lgan demokratiya, iqtisodiy farovonlik, zamonaviy boshqaruv va ekologik barqarorlik kabi mavzular keyingi avlod taqdiri bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu borada Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy hamkorlik masalasida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Germaniya va Yevropa mamlakatlari Markaziy Osiyo davlatlarining rivojlanishi va barqarorligida manfaatdor. Xorijiy va mahalliy ekspertlar muhokamalar davomida mazkur masalalarda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Xususan, Germaniyaning Tyuringiya federal yeri sobiq Bosh vaziri, Konrad Adenauer jamg‘armasining markaziy boshqaruv a’zosi, “Governmental Affairs Magna Europe va Magna International” kompaniyasi vitse-prezidenti doktor Diter Althauss, Qirg‘iziston Respublikasi Jo‘qorg‘u Kengeshi raisi o‘rinbosari Aida Kasimalieva, “Zerkalo” Jamoatchilik tadqiqot markazi (Tojikiston) direktori Qahramon Bakozoda, shuningdek Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi stipendiatlari ma’ruza bilan ishtirok etdilar.

 

                                                                                                                                                                                                                            “Yuksalish” harakati matbuot xizmati.