@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan O‘zbekistonda daraxt ekish ommaviy aksiyasini o‘tkazish taklifi yuzasidan

 2019-08-22 16:29:00   |     Просмотров: 3898

“Yuksalish” umummilliy harakati ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda keng jamoatchilik ishtirokida ommaviy daraxt etish aksiyasini tashkil etish taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va ushbu masala yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

Bugungi kunda “Yuksalish” umummilliy harakati fuqarolar, shu jumladan xorijdagi vatandoshlar sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan qator umummilliy tadbirlar o‘tkazish ustida ish olib bormoqda. Xususan, “Oramizdagi qahramonlar”, “Xalq birdamligi kuni”, “Bir million daraxt”, “Men uchun qadrli” kabi loyihalarni tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, mutasaddi vazirlik va idoralar, manfaatdor xalqaro tashkilotlar, xususiy kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan “Bir million daraxt” aksiyasi doirasida ekilishi rejalashtirilgan ko‘chatlar turlari, tadbirni o‘tkazish uchun qulay payt, maydonlar, ularni kelgusida parvarishlar kabi qator masalalar yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.

Bunda dunyoning ko‘plab mamlakatlari, shu jumladan Belgiya, Misr, Polsha, Isroil, Qozog‘iston, Koreya Respublikasi, Yaponiya va boshqalar davlatlarda amalga oshirilgan bu kabi aksiyalar yaqindan o‘rganildi. Shuningdek, Toshkent shahar hokimiyati tomonidan joriy yilning mart oyida o‘tkazilgan “Yashil tashabbus” aksiyasining ijobiy tajribasi ham inobatga olindi.

Aksiyaning muhim jihati sifatida tadbirlarni faqatgina ixtiyoriylik va ko‘ngillilik asosida tashkil etish, aholining fuqarolik pozitsiyasini namoyish etishi uchun sharoit yaratish belgilab olingan. 

Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati barcha manfaatdor tomonlar, shu jumladan faol fuqarolar, jamoat va xalqaro tashkilotlar, biznes hamjamiyati vakillarini “Bir million daraxt” aksiyasi doirasida hamkorlikka chorlaydi. 

Takliflar harakatning Telegram`dagi rasmiy boti (@yuksalishuzb_bot) yoki elektron manzili (info@yumh.uz) orqali 2019-yilning 1-sentyabriga qadar bildirilishi mumkin.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati